Skip to main content

Sayt sinov rejimida ishlamoqda

Yangi funksiyalar asta-sekin qo'shiladi

Oilaviy tibbiyotda xirurgik kasalliklar kafedrasi

Sapayev Dilshod Aminovich

Kafedra mudiri

“Oilaviy tibbiyotda jarrohlik kasalliklar” kafedrasi haqida

«Oilaviy tibbiyotda jarrohlik kasalliklar» kafedrasi Urganch davlat tibbiyot institutining nisbatan yosh, biroq jadal rivojlanayotgan klinik kafedralaridan biri hisoblanadi. Kafedra faoliyati zamonaviy oilaviy tibbiyot tizimida jarrohlik kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash, kompleks davolash va amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni tashkil etishga qaratilgan.

Ushbu almanax kafedraning tashkil topish tarixi, shakllanish bosqichlari, professor-o‘qituvchilar tarkibi hamda ta’limiy va klinik faoliyatini yoritish maqsadida tayyorlandi.

Kafedraning tashkil topishi

«Oilaviy tibbiyotda jarrohlik kasalliklar» kafedrasi 2023-yil 29-avgust kuni tashkil etilgan. Kafedrani tashkil etishdan asosiy maqsad — oilaviy tibbiyot tizimida faoliyat yurituvchi shifokorlar uchun jarrohlik kasalliklari bo‘yicha mustahkam nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sifatini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Kafedra Urganch davlat tibbiyot instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm filiali bazasida, shuningdek, «Yulduz Med Servis», «Medkompleks» va «Surjimed» xususiy klinikalarining jarrohlik bo‘limlarida joylashgan bo‘lib, talabalar va tinglovchilar uchun keng klinik imkoniyatlar yaratilgan.

Kafedra rahbariyati va professor-o‘qituvchilar tarkibi

Kafedraga tashkil topgan kundan boshlab tajribali olim va klinitsist, tibbiyot fanlari doktori Sapaev Dilshod Aminovich rahbarlik qilib kelmoqda. Uning rahbarligida kafedrada ilmiy-pedagogik va klinik ishlarni muvofiqlashtirish, zamonaviy ta’lim standartlarini joriy etish yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda kafedra professor-o‘qituvchilar tarkibi quyidagilardan iborat:

  • Kafedra mudiri: t.f.d. Sapaev D.A.;
  • Dotsentlar: t.f.n. Yuldashov G‘.Y., t.f.n. Niyazmetov A.N.;
  • PhD: Sattorov Sh.Y., Babadjanov J.K.;
  • Assistentlar: Yunusov R.X., Sobirov N.A.

Jamoaning har bir a’zosi ta’lim, klinik amaliyot va ilmiy izlanishlarni uyg‘unlashtirgan holda faoliyat olib bormoqda.

 

Kafedraning ta’limiy, klinik faoliyati va rivojlanish istiqbollari

Ta’limiy faoliyat

Hozirgi kunda kafedrada “Davolash ishi” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga “Xirurgik kasalliklar” fani bo‘yicha ta’lim berilmoqda. Ta’lim jarayoni zamonaviy pedagogik va klinik yondashuvlar asosida tashkil etilib, asosiy e’tibor talabalarda klinik tafakkurni shakllantirish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Ta’lim jarayonining asosiy yo‘nalishlari quyidagilarni qamrab oladi:

  • klinik tafakkurni shakllantirish;
  • amaliyotga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlarni tashkil etish;
  • bemorlar bilan muloqot qilish va ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish;
  • zamonaviy klinik protokollar va milliy standartlardan samarali foydalanish.

Amaliy mashg‘ulotlarning klinik bazalarda, bevosita bemorlar yonida olib borilishi talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, klinik ko‘nikmalarini mustahkamlash va kelgusi kasbiy faoliyatga tayyorgarligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Klinik va amaliy yo‘nalishlar

Kafedra professor-o‘qituvchilari klinik faoliyatni ta’lim jarayoni bilan uzviy bog‘lagan holda olib boradilar. Bu esa talabalarning amaliy tayyorgarligini oshirish, zamonaviy tashxislash va davolash usullarini amaliyotda qo‘llash imkonini beradi.

Kafedraning asosiy klinik va amaliy faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • o‘tkir va surunkali xirurgik kasalliklarni zamonaviy usullar asosida tashxislash;
  • shoshilinch xirurgik holatlarda birinchi va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish;
  • operatsiya oldi va operatsiyadan keyingi davrda bemorlarni kompleks davolash;
  • oilaviy tibbiyot amaliyotida xirurgik hushyorlikni oshirish;
  • xirurgik kasalliklarni erta aniqlash, asoratlarning oldini olish va bemorlarni o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga yo‘naltirish.

Qisqa vaqt ichida “Oilaviy tibbiyotda xirurgik kasalliklar” kafedrasi Urganch davlat tibbiyot institutida zamonaviy, amaliyotga yo‘naltirilgan va istiqbolli klinik kafedra sifatida shakllandi. Kafedra jamoasi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni izchil ravishda amalga oshirib, yuqori malakali tibbiy kadrlar tayyorlash, klinik ta’lim sifatini oshirish va aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelmoqda.

Ushbu almanax kafedraning ilk qadamlari, shakllanish va rivojlanish bosqichlarini aks ettiruvchi muhim tarixiy hujjat sifatida kelgusi avlodlar uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.

Kafedraning kelgusi rivojlanish istiqbollari

Kafedraning kelgusi rivojlanish strategiyasi Urganch davlat tibbiyot institutida klinik ta’lim sifatini yanada takomillashtirish, oilaviy tibbiyot tizimida xirurgik xizmatlar samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish va kafedraning ilmiy-pedagogik salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Istiqbolli vazifalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • oilaviy tibbiyot tizimida xirurgik kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika qilish algoritmlarini ishlab chiqish;
  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami bosqichida xirurgik kasalliklarni boshqarish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;
  • talabalar va yosh shifokorlarning amaliy ko‘nikmalarini simulyatsion ta’lim texnologiyalari asosida yanada rivojlantirish;
  • zamonaviy diagnostik va davolash usullarini o‘quv jarayoniga keng joriy etish;
  • klinik protokollar va milliy standartlar asosida ta’lim-uslubiy materiallarni muntazam yangilab borish;
  • xirurgiya va oilaviy tibbiyot sohalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish;
  • mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda klinik markazlar bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish;
  • kafedraning ilmiy salohiyatini oshirish, yangi ilmiy loyihalar va grantlarda ishtirok etish;
  • oilaviy shifokorlarning xirurgik hushyorligini oshirishga qaratilgan malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini takomillashtirish.

Kafedra jamoasi kelgusida ham ta’lim, klinik amaliyot va ilmiy-tadqiqot faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda rivojlantirib, zamonaviy tibbiyot talablariga javob beradigan, yuqori kasbiy salohiyatga ega mutaxassislarni tayyorlashga munosib hissa qo‘shishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

 

Ilmiy yo‘nalishlar va rivojlanish istiqbollari

  • amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni kengaytirish, simulyatsion va fanlararo o‘qitish usullarini joriy etish;
  • minimal invaziv xirurgiya usullarini birlamchi tibbiy bo‘g‘in amaliyotiga moslashtirish;
  • yosh o‘qituvchilar va rezidentlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish;
  • xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy hamkorliklarni rivojlantirish.

Kafedra kelgusida mintaqada oilaviy tibbiyotda xirurgik tayyorgarlik bo‘yicha yetakchi o‘quv-ilmiy markazlardan biriga aylanishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Ilmiy yo‘nalishlar va rejalashtirilgan dissertatsiya mavzulari

Kafedrada ilmiy-tadqiqot ishlari zamonaviy xirurgiya va oilaviy tibbiyot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda olib borilishi rejalashtirilgan:

  • oilaviy tibbiyot amaliyotida uchraydigan o‘tkir xirurgik kasalliklarni erta tashxislash mezonlari;
  • shoshilinch xirurgiyada operatsiya oldi tayyorgarlik va keyingi davolashni optimallashtirish;
  • mexanik sariqlik, o‘tkir pankreatit, ichak tutilishi kabi kasalliklarda kompleks davolash samaradorligini oshirish;
  • komorbid holatlarda xirurgik taktikani tanlash masalalari;
  • minimal invaziv usullarni oilaviy tibbiyot sharoitiga moslashtirish;
  • yo‘g‘on ichakning yarali yallig‘lanish kasalliklari va rak oldi kasalliklarini erta diagnostika qilish hamda davolash taktikasini takomillashtirish.

Ushbu yo‘nalishlar doirasida PhD va tibbiyot fanlari doktori (DSc) darajalariga mo‘ljallangan quyidagi dissertatsiya mavzularini rejalashtirish ko‘zda tutilgan:

  • «Oilaviy tibbiyot amaliyotida o‘tkir abdominal sindromni erta tashxislash va davolash taktikasi»;
  • «Komorbid bemorlarda shoshilinch xirurgik kasalliklarni boshqarish algoritmlarini takomillashtirish»;
  • «Minimal invaziv xirurgiya usullarini birlamchi tibbiy bo‘g‘inda qo‘llash samaradorligi».
  • «Operatsiyadan keyingi asoratlarni oldini olishda kompleks yondashuvning ahamiyati».

Klinik bazalarning alohida tavsifi

  • Kafedra faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida bir nechta zamonaviy klinik bazalardan foydalanadi:
  • Urganch davlat tibbiyot instituti klinikasi— kafedraning asosiy o‘quv va ilmiy bazasi bo‘lib, bu yerda talabalar va tinglovchilar uchun nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkoniyati mavjud. Klinikada xirurgik kasalliklar bo‘yicha diagnostika va davolash ishlari olib boriladi.
  • Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm filiali— kafedraning muhim klinik va amaliy bazalaridan biri hisoblanadi. Ushbu muassasada o‘tkir abdominal holatlar, shoshilinch xirurgik kasalliklar, og‘ir asoratlar bilan kechuvchi pankreatit, mexanik sariqlik, ichak tutilishi va peritonit holatlarida yuqori malakali shoshilinch yordam ko‘rsatiladi. Kafedra xodimlari tomonidan talabalar va klinik ordinatorlar uchun navbatchilik, klinik tahlillar va konsiliumlar o‘tkazilib, shoshilinch xirurgiyada amaliy tajriba shakllantiriladi.
  • «Yulduz Med Servis» xususiy klinikasi— zamonaviy diagnostik va jarrohlik uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu yerda rejali va shoshilinch xirurgik amaliyotlar bajariladi.
  • «Medkompleks» klinikasi— ko‘p tarmoqli tibbiy muassasa sifatida kafedra uchun fanlararo yondashuvni shakllantirish imkonini beradi. Xirurgiya bo‘limlarida murakkab klinik holatlar tahliliga alohida e’tibor qaratiladi.
  • «Surjimed» xususiy klinikasi— zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan bo‘lib, oilaviy tibbiyotda xirurgik hushyorlikni oshirish, diagnostika va davolash algoritmlarini takomillashtirishda kafedra bilan hamkorlik qiladi.
  • Ushbu klinik bazalar kafedraning ta’limiy, ilmiy va amaliy faoliyatini yuqori darajada ta’minlab, malakali shifokor kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.

Kafedra faoliyatida ustuvor xirurgik yo‘nalishlarning uyg‘unligi

  • Kafedraning ta’limiy, ilmiy va klinik faoliyati zamonaviy xirurgiyaning dolzarb yo‘nalishlari — xirurgik pankreatologiya, gastroenterologiya, koloproktologiya, abdominal xirurgiya hamda diagnostik va operativ laparoskopik endoxirurgiya bilan chambarchas uyg‘un holda olib boriladi.

Xirurgik pankreatologiya

  • Kafedrada o‘tkir va surunkali pankreatitni tashxislash va davolash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Pankreatik nekroz, infeksiyalangan asoratlar, endo- va laparoskopik drenaj usullarini qo‘llash, operatsiya oldi va keyingi kompleks intensiv terapiya algoritmlari ta’lim jarayoni va ilmiy tadqiqotlarning muhim qismi hisoblanadi.

Gastroenterologiya bilan integratsiya

  • Xirurgik kasalliklarni gastroenterologik yondashuv bilan uyg‘unlashtirish kafedra faoliyatining asosiy konsepsiyalaridan biridir. Oshqozon-ichak tizimi kasalliklarida konservativ va xirurgik davolash chegaralarini aniqlash, funksional buzilishlar va organik patologiyani farqlash, operatsiyadan oldin tayyorgarlikda gastroenterologik nazorat muhim o‘rin tutadi.

Koloproktologiya va abdominal xirurgiya

  • Kafedrada yo‘g‘on ichak va to‘g‘ri ichak kasalliklarini tashxislash va davolash, ichak tutilishi, divertikulyar kasallik, kolorektal patologiyalarda zamonaviy xirurgik taktikalar o‘rgatiladi. Abdominal xirurgiya doirasida esa o‘tkir qorin sindromi, peritonit, o‘t yo‘llari patologiyasi kabi holatlarda kompleks yondashuv shakllantiriladi.

Ilmiy va ta’limiy integratsiyaning ahamiyati

Yuqoridagi yo‘nalishlarning o‘zaro uyg‘unligi kafedrada fanlararo yondashuvni ta’minlab, oilaviy tibbiyotda faoliyat yurituvchi shifokorlar uchun zarur bo‘lgan kompleks klinik bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa aholiga ko‘rsatilayotgan xirurgik yordam sifatini oshirishga qaratilgan muhim ilmiy va amaliy asos hisoblanadi.